Eronning turli hududlarida yashash sharoitining yomonlashuvi, kommunal xizmatlardagi uzilishlar hamda narx-navoning keskin o‘sishi sababli yangi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Poytaxt Tehron va boshqa hududlarda namoyishchilarning xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlari kuzatilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sistan va Beludjistan viloyatida aholi bir necha kun davomida ichimlik suvi, elektr energiyasi va nonsiz qolgani sababli ko‘chaga chiqqan. Mahalliy aholi, jumladan ayollar va qizlar faol norozilik bildirib, hokimiyatdan vaziyatni zudlik bilan hal qilishni talab qilgan.
Milliy valyuta – rialning keskin qadrsizlanishi va og‘ir iqtisodiy ahvol aholining hayot darajasini keskin pasaytirib yuborgan. Mavjud inqiroz fonida siyosiy o‘zgarishlarni talab qilish ham kuchayib, oxirgi shohning o‘g‘li Reza Pexlevi «katta o‘zgarishlar» yaqinlashayotganini e’lon qildi va xalqni hamda armiyani birlashishga chaqirdi. Ekspertlar hal etilmayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yanada keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.