Oq uy Eronni samarali nazorat qiluvchi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) va fuqarolik muzokarachilari o‘rtasida kelishmovchilik borligini ko‘rmoqda.
Bu haqda Axios nashri Tramp ma’muriyatidagi manbalarga tayanib xabar berdi.
"Biz Eron ichida muzokarachilar va harbiylar o‘rtasida to‘liq kelishmovchilik borligini ko‘rdik, ikkala tomon ham Oliy Rahbar bilan uchrasha olmadi", dedi noma’lum Oq uy rasmiysi.
Nashr Oliy Rahbar Mojtaba Xomeney bilan aloqa uzilganini ta’kidlaydi. Natijada, amalda hokimiyat rasmiy Eron diplomatlari bilan o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmaydigan IIQK generallari qo‘lida.
Hisobotda shuningdek, mart oyida o‘ldirilgan Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Larijoniy ilgari aloqachi bo‘lib ishlagani ta’kidlangan. Oq uy uning o‘rnini bosuvchi Muhammad-Bager Zolgadr yetarli vakolatga ega emasligi sababli o‘z vazifalarini bajara olmayapti, deb hisoblaydi.