Eron hukumati sport jamoalariga «dushman mamlakatlar» deb hisoblangan davlatlarga safar qilishni taqiqladi.
Eron Sport vazirligi ushbu qarorni eronlik sportchilarning xavfsizligidan xavotirda ekanligi bilan izohladi. Shu bilan birga, kirish taqiqlangan konkret davlatlar nomi ochiqlanmagan.
«Milliy va klub jamoalarining dushman deb hisoblanuvchi hamda eronlik sportchilar va jamoa a’zolari xavfsizligini ta’minlay olmaydigan mamlakatlarda bo‘lishi keyingi bildirishnomaga qadar taqiqlanadi», — deb iqtibos keltiradi Reuters agentligi vazirlik matbuot xizmati bayonotidan.
Shuningdek, vazirlik klublar va Eron futbol federasiyasi o‘yinlar o‘tkaziladigan joylarni ko‘chirish bo‘yicha Osiyo futbol konfederasiyasini xabardor qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan. Guruh bosqichida eronliklar Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr terma jamoalariga qarshi maydonga tushishi kerak va barcha o‘yinlar AQSh hududida rejalashtirilgan. Avvalroq Eron futbol federasiyasi prezidenti Mehdi Toj JCH-2026 guruh bosqichi o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.