Eron Markaziy banki valyuta sotish qoidalarini yengillashtirdi. 3 oktyabrdan boshlab davlat banklarining filiallarida Eronning har qanday voyaga yetgan fuqarosi yiliga bir marta 10 000 dollar sotib olishi mumkin.
🏦 Markaziy bank bu dastur orqali valyuta kursini barqarorlashtirish va qora bozorni qisqartirishni maqsad qilgan. Buning uchun 2 milliard dollar ajratilgan.
Avval Eronda fuqarolar deklarasiya qilmasdan yoki bankda saqlamasdan qonuniy ravishda ko‘pi bilan 10 ming yevro yoki dollar saqlashi mumkin edi. Yangi qaror esa ushbu summani bank tizimidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri naqd yoki shaxsiy mulk sifatida olish imkoniyatini amalda qonuniylashtirmoqda.
⚠️ Biroq dasturni tanqid qilayotganlar ham bor. Moliya tahlilchilari xalqaro sanksiyalar va neft eksportidagi cheklovlar sharoitida Markaziy bankning qimmatli valyuta zaxiralarini aholiga bunday miqdorda sotish samarasiz bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
📉 Agar banklardagi imtiyozli kurs bilan norasmiy bozor kursi o‘rtasida katta farq saqlanib qolsa, fuqarolarning o‘zlariga berilgan 10 ming dollarlik kvotani chayqovchilarga sotishi kabi spekulyativ savdolar paydo bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, dastur katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab eronliklar hozirgi sharoitda jamg‘armalarni saqlashning eng ishonchli usuli sifatida valyuta va oltin sotib olishni ko‘rmoqda.
Tehron deputati Kuchakzoda dasturni «jinoiy» deb atab, u korrupsionerlarni boyitishga xizmat qilishini aytdi. Parlament spikeri G‘olibof esa vaziyatni kuzatayotganini va zarurat bo‘lsa, dasturga o‘zgartirish kiritilishini bildirdi.