Eron xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) kafolatlarini amalga oshirishni favqulodda sharoitda qayta tiklash mumkin emasligini ma’lum qildi. Bu haqda Eronning Venadagi doimiy vakolatxonasi agentlik bosh direktori Rafael Grossining mamlakat yadroviy dasturi bo‘yicha hisobotiga javoban tarqatgan bayonotida aytilgan.
Tasnim News xabariga ko‘ra, Eron tomoni MAGATEning mamlakat bo‘yicha hisobotlari agentlik Boshqaruv kengashi rezolyusiyalari asosida tayyorlanganini, biroq ushbu hujjatlarda texnik va huquqiy kamchiliklar mavjudligini ta’kidlagan. Vakolatxona fikricha, rezolyusiyalar belgilangan tartib-taomillardan noto‘g‘ri foydalanish orqali qabul qilingan va ulardagi xulosalar agentlikning qonuniy vakolatlari doirasidan chetga chiqqan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Eronning MAGATE kafolatlari ostida bo‘lgan yadroviy ob’ektlariga qilingan hujumlar misli ko‘rilmagan vaziyatni yuzaga keltirgan. Eron tomonining da’vosiga ko‘ra, bu hodisalar inspeksiya ishlariga to‘sqinlik qilgan, agentlik inspektorlarini evakuasiya qilishga majbur etgan va mamlakat xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqargan.
Eron vakolatxonasi AQSh agentlikning bir tomonlama rezolyusiyalaridan hujumlarga oid ma’lumotlarni chiqarib tashlaganini, ammo bu voqealarning oqibatlari bartaraf etilmaganini bildirgan.
«Oddiy kafolatlar tartibini favqulodda sharoitda qayta tiklab bo‘lmaydi. MAGATE Boshqaruv kengashi yuzaga kelgan vaziyatning ildiz sabablarini bartaraf etish bilan shug‘ullanishi kerak», — deyiladi bayonotda.
Eron tomonining ushbu pozisiyasi MAGATE hisobotiga nisbatan bildirilgan rasmiy munosabat bo‘lib, agentlikning hisobotdagi xulosalariga qo‘shilmasligini anglatadi.