Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Hurmuz bo‘g‘ozida belgilangan harakatlanish qoidalarini buzgan va ruxsatsiz yo‘nalishdan o‘tgan ikki supertanker kuchli portlash oqibatida to‘xtatilganini ma’lum qildi.
«Tasnim News» xabariga ko‘ra, korpus harbiy-dengiz kuchlari jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi voqea kecha kechqurun sodir bo‘lganini bildirgan.
Bayonotda aytilishicha, Hurmuz bo‘g‘ozidagi dengiz harakatini boshqarish markazi kemalarni janubiy yo‘nalishning xavfli va ruxsat etilmagani haqida bir necha bor ogohlantirgan. Biroq tankerlar belgilangan tartibni buzib, mazkur yo‘nalish orqali harakatlangan.
Eron tomonining da’vosiga ko‘ra, ikki supertanker jami 4 million barreldan ortiq neft tashigan.
Inqilob qo‘riqchilari korpusi Fors ko‘rfazi va Hurmuz bo‘g‘ozida navigasiya tizimlarini o‘chirib qo‘ygan hamda ruxsat etilmagan janubiy yo‘nalishdan foydalangan boshqa kemalar ham xuddi shunday oqibatga duch kelishi mumkinligini bildirgan.
Hozircha tankerlarning nomi, ular qaysi davlatga tegishli ekani, ekipaj a’zolarining taqdiri va hodisa oqibatida yetkazilgan zarar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.