Bugun 1 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Eron hozircha AQSh rasmiylari bilan uchrashish niyatida emas

Eron hozircha AQSh rasmiylari bilan uchrashish niyatida emas

Eron kelishmovchiliklarni hal etish bo‘yicha o‘z pozisiyasini yetarlicha aniq deb hisoblagani sababli, hozircha AQSh rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmayapti.

Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning maktubi sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgan va uning mazmuni yuqori darajadagi uchrashuvlarda muhokama qilingan. Shu bilan birga, vositachilar orqali maslahatlashuvlar davom etayotgan bir paytda Tehron Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish zaruratini ko‘rmayapti.

Aroqchining ta’kidlashicha, AQSh vakillari bilan ehtimoliy uchrashuv haqidagi xabarlar hozircha ommaviy axborot vositalarining taxminlaridan iborat. Keyingi muzokaralar formati — to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vositachilar orqali o‘tkazilishi — AQSh Eron talablariga rozi bo‘lganidan keyin hal qilinadi.

Ushbu talablar qatoriga Islomobod o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish, AQShning mintaqadagi harbiy hozirligini qisqartirish, neftga nisbatan sanksiyaviy istisnolarni tiklash hamda Eronning barcha muzlatilgan aktivlarini, jumladan, Qatardagi mablag‘larini blokdan chiqarish kiradi.

Tashqi ishlar vaziri Eron delegasiyasi maslahatlashuvlarni davom ettirish uchun Qatarda ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Qatar va Pokiston vositachilari ham Tehron shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda.

Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Aroqchi Eron tashabbusi bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha hozircha yagona amaliy reja bo‘lib qolayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar ushbu rejani amalga oshirish muddatini besh kunga qisqartirishni taklif qilgan, biroq tomonlar ikki kunlik muddat variantini ham ko‘rib chiqmoqda.

Kiritildi: Bugun 11:15. O'qildi: 255 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!