Energiya narxlarining ko‘tarilishi va ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar dunyo bo‘ylab sanoat korxonalariga bosimni kuchaytirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlikning dushanba kuni e’lon qilingan tahliliga ko‘ra, oktyabr oyida jahon zavodlarida ishlab chiqarish o‘sishi davom etgan. Biroq energiya resurslari qimmatlashishi va xomashyo yetkazib berishdagi muammolar ishlab chiqaruvchilar daromadining kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi yoqilg‘i hamda oziq-ovqat narxlarining yuqori darajada saqlanishiga olib kelgan. Bu esa iste’molchilar faolligi va biznes ishonchini pasaytirmoqda.
Evrohududda ishlab chiqarish xaridlari menejerlari indeksi (PMI) oktyabr oyida 52,7 punktni tashkil etdi. Bu sentyabr oyidagi 52,9 punktdan biroz past. Biroq indeksning 50 punktdan yuqori bo‘lishi sanoat faoliyati o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, xomashyo narxlari may oyidan beri eng tez sur’atlarda oshdi. Tayyor mahsulotlar narxida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Talabning yuqoriligi va taklifning cheklangani inflyasiya bosimini kuchaytirib, kompaniyalarning daromadliligini saqlab qolishini qiyinlashtirmoqda.
Oktyabr oyida ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar ham kuchaygan. Yetkazib beruvchilarning buyurtmalarni bajarish muddati iyun oyidan beri eng yomon ko‘rsatkichga yetgan. Bunga javoban korxonalar xomashyo xaridini so‘nggi to‘rt yarim yildagi eng yuqori sur’atda oshirgan va 2022 yil dekabridan beri birinchi marta zaxira to‘plashga kirishgan.
Bu jarayonlar jahon bozorida bir barrel xom neft narxi 116 dollardan oshib, urushdan oldingi darajadan qariyb 60 foizga yuqori bo‘lgan sharoitda kechmoqda.
Evropada Germaniya sanoat ishlab chiqarishi oktyabr oyida ham o‘sishni ko‘rsatgan. Fransiyada esa ishlab chiqarish faoliyati yana qisqarish hududiga kirgan. Buyuk Britaniya ishlab chiqaruvchilari so‘nggi ikki yildan ortiq vaqtdagi eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etgan, biroq xarajatlarning tez ko‘tarilishi Angliya bankining inflyasiya bo‘yicha xavotirlarini kuchaytirishi mumkin.
Osiyoda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvanda sanoat o‘sishi sekinlashgan. Yarimo‘tkazgichlar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq mahsulotlarga yuqori talab mintaqadagi iqtisodiy zaiflikni qisman qoplamoqda. Biroq Yaqin Sharqdagi urushning davom etishi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishi ichki iste’molga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi kelgusi yilda Osiyo iqtisodiy o‘sishi sekinlashishini prognoz qilmoqda. Tashkilot Eronga qarshi urush oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi hamda sun’iy intellekt bozorida keskin pasayish ehtimoli haqida ogohlantirgan.