Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotiga ko‘ra, hujumlardan biri AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Bahrayndagi Beshinchi floti shtabiga qaratilgan. Zarbalar Qeshm orolining janubidagi neft tankeriga va korpusning telekommunikasiya minorasiga uyushtirilgan hujumlarga javob sifatida amalga oshirilgani aytilgan.
"Avval ham ogohlantirgan edik, agar hujum takrorlansa, bizning javobimiz yanada og‘ir bo‘ladi. Bugun aynan shunday qildik. Bu javoblar saboq bo‘lishi kerak", deyiladi korpus bayonotida.
Shu bilan birga, AQSh Markaziy qo‘mondonligi matbuot xizmati Eronning barcha hujumlari muvaffaqiyatsiz yakunlanganini bildirdi.
CENTCOM Eron tomonidan Kuvaytga ikkita va Bahraynga uchta raketa uchirilgani, biroq ularning barchasi havoda parchalanib ketgani yoki yo‘q qilinganini ta’kidladi.
"AQSh Qurolli kuchlari hushyorlikni saqlab qolmoqda va Eronning asossiz tajovuzidan himoyalanishga tayyor", deyiladi bayonotda.