Qirg‘izistonda qurilish kompaniyalariga ko‘p qavatli uylar va tijorat binolaridagi xonalarni kotlovan bosqichida sotish taqiqlandi. Bu haqda mamlakat Qurilish vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga muvofiq, ko‘chmas mulk savdosini faqat bino poydevori barpo etilib, barcha yerosti qurilish ishlari yakunlanganidan keyin boshlash mumkin.
Shuningdek, mazkur bosqichgacha qurilayotgan ob’ektlarni reklama qilish, xaridorlar bilan dastlabki shartnomalar tuzish va ulardan mablag‘ jalb etish ham taqiqlandi.
Talablar bajarilishini davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari kuzatib boradi. Qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanadi.
Qurilish vazirligining ta’kidlashicha, cheklovlar uy-joy xaridorlarining huquqlari va mablag‘larini himoya qilish, shuningdek, qurilishi boshlang‘ich bosqichda bo‘lgan ob’ektlarga sarmoya kiritish bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.