📌 Ko‘cha-ko‘yda, ba’zan tanish-bilishlar orasida o‘tirib-turganda qiynalayotgan, yurganida og‘irsinib harakatlanayotgan kishilarni uchratamiz. Bu esa ko‘pincha radikulit alomati bo‘lishi mumkin.
❓Xo‘sh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi? Uning oldini olish va davolash choralari qanday?
👨⚕️Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Rustamjon Musayev javob berdi.
🖇 — Radikulit – orqa miyaning asab ildizchalari va ulardan tarqaladigan asab tolalari zararlanishi tufayli yuzaga keladi, — deydi mutaxassis. — Kasallik bo‘yin, yelka, ko‘krak, bel-dumg‘aza va oyoqlarga og‘riq berib, o‘tkir va surunkali tusda kechadi. Asosan, bel-dumg‘aza, bo‘yin-elka va ko‘krak radikuliti kabi turlari ko‘p uchraydi.
🔶 Odatda bu xastalik to‘satdan paydo bo‘lib, ko‘p hollarda surunkali shaklga o‘tadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganiga qarab, kasallik ham turli xil bo‘ladi. Xususan, eng ko‘p tarqalgan turi — bel-dumg‘aza radikulitida tananing ushbu sohasi hamda quymich nerv bo‘ylab turli og‘riqlar kuzatiladi. Qimirlaganda esa og‘riq yanada kuchayadi.
🚶♂️Shu bois bemor birdaniga harakatlana olmaydi. Yurganida tanasini old yoki yonga egib oladi. Natijada umurtqa pog‘onasi qiyshayib, orqa mushaklar taranglashadi.
💉 Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, og‘riq son yuzasida kuzatiladi. Dumg‘aza bo‘limi ildizchalari zararlanishi bilan og‘riq quymich nervi bo‘ylab yonbosh, boldir va oyoq panjasiga tarqaladi. Oyoq sovqotib, uvushadi.
🦵 Kasal oyoqning mushaklari tonusi pasayadi. Quymich nervi tortishganda, ayniqsa, odam engashganda yoki oyoq ko‘tarilganda og‘riq yanada zo‘rayadi.
🤚 Bo‘yin-elka radikulitida og‘riq ensa, yelka va kurakka tarqaladi. Bosh va qo‘lni qimirlatish va atrofga qarash, aksa urish va yo‘talganda og‘riq kuchayadi. Xastalikning og‘ir shakllarida qo‘l uvushib, lovullab achishadi va sanchadi.
🧑 Radikulitning disk churrasi turi esa nafaqat kattalar, balki kichik yoshdagilarda ham uchraydi.
🛏 Ushbu kasallikka ko‘pincha osteoxondroz sabab bo‘ladi. Chunki bu paytda umurtqalararo disk o‘zining elastikligini yo‘qotib, mo‘rt bo‘lib qoladi. Diski o‘zgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yig‘ilib, suyak o‘sishi (osteofitlar) kuzatiladi. O‘sib chiqqan suyak nerv ildizchalarini qisishi natijasida og‘riq paydo bo‘ladi.
👩🦽Kishi bu darddan saqlanishi uchun, avvalo, umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan o‘zini asrashi lozim. Ayniqsa, osteoxondroz va skolioz radikulitni keltirib chiqaruvchi asosiy xastaliklardir. Shuningdek, kamharakatlik, zax va sovuq joylarda ishlash, og‘ir yuk ko‘tarish tufayli ham radikulit kelib chiqishi mumkin.
🩺 Ko‘pincha kasallik uzoq muddatga cho‘ziladi. Agare’tiborsizlik qilinsa, bemor harakatlanishga qiynalib, keyinchalik yurolmay qoladi. Natijada tanada ikkilamchi harakat tizimi xastaliklari paydo bo‘ladi.
‼️Agar bemor shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilsa, sog‘ayishi tezroq kechadi. Shuningdek, kasallikdan himoyalanish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, doimiy harakatda bo‘lish va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi lozim. (https://telegra.ph/file/6fb13446167556484b3fa.png)