Mamlakatimizda ham keyingi yillarda muhim ustuvor vazifalar bilan bir qatorda atrof-muhit muhofazasiga alohida e’tibor berilyapti. Bu boradagi ishlarning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida mustahkamlab qo‘yilgani ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, Bosh Qomusimizning 49-moddasida mamlakat aholisining qulay atrof-muhitda yashashga qonunan haqli ekanligi, davlatning ekologik huquqlarni ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi hamda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi qat’iy belgilandi.
Sir emaski, bugun dunyo miqyosida ekologik muvozanatning buzilishi – atmosfera havosining ifloslanishi, yirik o‘rmonzorlarning yo‘qolib borayotganligi, katta shaharlarda qurilishlar jarayonida daraxtlarni shafqatsizlarcha kesish, suv manbalaridan isrofgarchilik bilan foydalanish va ifloslantirish, yer resurslaridan nooqilona foydalanish hamda Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar, qushlarni qonunga zid ravishda ovlash va o‘simliklarni yo‘qolishi, afsuski, aksariyat hollarda inson omili ta’sirida yuz bermoqda. Bu kabi dolzarb ekologik muammolar hisobga olinsa, tabiatni muhofaza qilish, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish har bir fuqaroning vijdonan burchi ekanligi oydinlashadi. Ayni jihatlar hisobga olinib, konstitusiyaga yangi tahrirda 62-modda bilan fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ijobiy qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, konstitusiyaga kiritilgan 66-moddada mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi, tasarruf etishi, mol-mulkidan foydalanishda atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerakligi belgilanganligi fuqarolarning tabiatga nisbatan munosabatini ijobiy jihatdan o‘zgarishiga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi organlarning hududlar tabiiy sharoitidan kelib chiqib, tuman va shaharlarni ekologik jihatdan rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishiga oid norma kiritilgani tabiiy muhit barqarorligini ta’minlash borasidagi islohotlar ijrosida muhim kafolat bo‘ldi.
Darhaqiqat, yangi tahrirdagi konstitusiyada ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilgan huquqiy kafolatlar bu boradagi islohotlarni izchil amalga oshirishda muhim dasturul amal bo‘lmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risi”dagi qarori ham bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ekologik ta’lim va madaniyatni o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirish kabi ustuvor vazifalari belgilab berilgan ushbu hujjatda oliy ta’lim tizimi tashkilotlarida ham ekologik madaniyatni yuksaltirish yo‘nalishida qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, endilikda ixtiyoriylik asosida barcha oliy ta’lim muassasalari talabalarini birlashtiruvchi O‘zbekiston ekovolontyor talabalari harakatini tashkil etish va uning doimiy faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish, bakalavr va magistratura bosqichlarining ekologiya yo‘nalishlaridagi o‘quv adabiyotlarni qayta ko‘rib chiqish hamda ularni atrof-muhitni asrab-avaylashga bag‘ishlangan mavzular bilan boyitish choralarini ko‘rish nazarda tutilmoqda.
Bu kabi amaliy chora-tadbirlar ekologik madaniyat, ekologik ta’lim-tarbiya, ekologik ma’rifatni uzviylikda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ziyoda Musayeva
TDIU Oliy va amaliy matematika kafedrasi
katta o‘qituvchisi