2024 yil noyabridan rejalashtirilgan va 2025 yilda amalga oshirilgan «Qizil to‘y» operasiyasi davomida Isroil harbiy havo kuchlari 12 daqiqa ichida Eronning 10 nafar yuqori lavozimli harbiy rahbarini yo‘q qilishga erishdi. Bu operasiya Eron mudofaa tizimida jiddiy nuqson borligini namoyish etdi.
Isroilning «Detali» nashri yozishicha, 2024 yil noyabrida Isroil mudofaa vazirligi Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operasiya tayyorlashga kirishgan. Maqsad — Eronning yadroviy dasturini sezilarli darajada izdan chiqarish bo‘lgan.
Operasiyada asosiy vazifa sifatida Eron harbiy rahbariyati, raketalar omborlari, dronlar bazalari va yadroviy markazlarga zarba berish belgilangan. Ushbu maqsadda harbiy razvedka va harbiy havo kuchlarining yuqori lavozimli ofiserlari ishtirokida bir necha bor yig‘ilishlar o‘tkazilgan.
Operasiyani rejalashtirishda Isroilning maxsus 8200-razvedka bo‘limidagi 120 nafar ofiser qatnashgan. Ular fevralga kelib bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifani amalga oshirish zarurligini tushunib yetishgan. Mart oyiga kelib operasiya to‘liq shakllangan va unga «Qizil to‘y» nomi berilgan.
Rejaga ko‘ra, Isroil harbiy havo kuchlari 1500 km masofada xavfsiz havo yo‘lagini ta’minlab, Eron harbiy qo‘mondonlarini aniq koordinatlar asosida yo‘q qilishga kirishgan. Ushbu harakatda 200 dan ortiq jangovar uchoq 100 ga yaqin nishonga zarba bergan. Har bir eskadrilyaga muayyan hududdagi generallarni yo‘q qilish vazifasi yuklatilgan.
12 daqiqa ichida Erondagi 10 nafar yuqori lavozimli harbiy rahbar yo‘q qilingan. Ular orasida Eron Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Hussayn Boqiriy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Hussayn Salomiy va markaziy shtab rahbari Ali Rashid ham bor. Urushning dastlabki soatlaridayoq Eron harbiy tizimida rahbarlik bo‘shlig‘i yuzaga kelgan va mudofaa harakatlari to‘liq falaj holatga tushgan.