Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida G‘arb kompaniyalari deyarli qatnashmadi. Sarhadlarida urush va sanksiyalar saqlanib qolayotgan Rossiya iqtisodiyotiga ishonch so‘nmoqda.
“The Financial Times” nashrining xabar berishicha, bu yilgi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xalqaro sarmoyadorlarni ishontirishga muvaffaq bo‘lmadi. G‘arb kompaniyalari Rossiya bilan ishlash xavfini inobatga olib, forumda ishtirok etmagan.
Forumga Rossiyaning yaqin ittifoqchilari ham avvalgidek yirik delegasiyalar emas, balki kam sonli rasmiylar bilan kelgan. Bundan mustasno holat — Indoneziya. Bu davlat forumda prezident darajasida — Prabovo Subianto rahbarligida qatnashdi.
“Carnegie” fondining Berlindegi Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha markazi tadqiqotchisi Aleksandra Prokopenko ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda Rossiyaga sarmoya kiritish real variant emas. Urush, sanksiyalar, inflyasiya va iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi sarmoyadorlarni cho‘chitmoqda.
Rossiya Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, har oy o‘nlab xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorini tark etish uchun rasman murojaat qilmoqda. Moliya vaziri o‘rinbosari Ivan Chebeskovning so‘zlariga qaraganda, bunday holat G‘arb sanksiyalari saqlanayotgani va Putin tinchlik muzokaralariga tayyor emasligini anglatadi.
“The Financial Times” tahliliga ko‘ra, bu kabi vaziyatda Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar yaqin fursatlarda bekor qilinishi ehtimoli juda past.