Alifbo — bu toshga o‘yilgan va asrlar davomida o‘zgarmaydigan qotib qolgan tizim emas. Dunyo tajribasida texnologiyalar rivoji va ijtimoiy ehtiyojlarga qarab yozuvlarni qulaylashtirib borish — tirik tillar uchun juda tabiiy holat.
Misollarga qaraylik:
Germaniya 1996 yilda nemis imlosini to‘liq zamonaviylashtirdi.
Qozog‘iston lotin yozuvidagi dastlabki apostroflardan voz kechib, raqamli qulaylik uchun diakritik belgilarga o‘tdi.
Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston kabi mamlakatlar ham lotin grafikasida diakritik belgili yaxlit harflardan foydalanadi. Bu esa ularning tillarini raqamli muhitda aniq qo‘llash imkonini beradi.
Eng muhimi, taklif etilayotgan harflar (Ş, Ç, Ğ, Ö) Turkiy davlatlar tashkiloti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan Umumturkiy alifbo loyihasiga mos keladi. Bu bizni qardosh tillar bilan yaqinlashtirib, xalqaro maydonda madaniy, ilmiy va raqamli hamkorlikni o‘n chand barobar osonlashtiradi.
Yozuvimizni texnik jihatdan mukammal qilish orqali biz o‘zbek tilining nafaqat global raqamli makondagi, balki xalqaro maydondagi nufuzi va raqobatbardoshligini ta’minlaymiz.