Putin urushni to‘xtatishga tayyormas, u 500 ming kishini safarbar etishga tayyorlanmoqda — Zelenskiy.
Rossiya 21 sentyabrdagi Davlat Dumasiga saylovlardan so‘ng yangi harbiy safarbarlikka tayyorlanmoqda. Oktyabr oyi boshida Ukrainaga qarshi urushga yana 300-500 ming kishi jalb etilishi mumkin. Bu haqda Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, prezident Zelenskiy ma’lum qildi.
"Putin urushni to‘xtatishga tayyor emas. U safarbarlikni kuchaytirmoqchi. Ochiqchasiga emas, chunki u o‘z jamiyatidan qo‘rqadi. Ammo biz unga logistika, qurol-yarog‘, benzin, dizel yonilg‘isi bilan bog‘liq muammolar tug‘dirmasak va hamkorlarimiz sanksiyalarni kuchaytirmasa, u buni oktyabr oyining boshida amalga oshiradi", — dedi Ukraina yetakchisi.
Zelenskiy ichki noroziliklarga qaramay Rossiya hukumati uchun 500 minggacha odamni safarbar etish qiyin bo‘lmasligini aytdi. Chunki ijtimoiy so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning katta qismi safarbarlik va urushga qarshi bo‘lsa-da, Putinni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlamoqda.
"Biroq Rossiya safarbar etilganlarni tezlikda tayyorgarlikdan o‘tkaza olmaydi. Bu esa jang maydoniga yana yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan odamlar yuborilishini va katta yo‘qotishlar kuzatilishini anglatadi", — dedi Ukraina prezidenti.