Samarqandda uch kishi bir erkakni do‘pposlagani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 23 iyul kuni soat 20:10 larda Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli J.G. o‘zining 52 yoshli qo‘shnisi U.A. bilan o‘zaro tortishib qolib, o‘rtalarida janjal kelib chiqqan. Mazkur janjalga U.A.ning 27 yoshli o‘g‘li hamda ikki nafar tanishi aralashib, J.G. tanasining turli joylariga urib, tepib, tan jarohati yetkazgan.
Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Shu kunning o‘zida tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borishga kirishilib, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu moddaga ko‘ra, bu qilmishni sodir etganlar 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.