AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “befoyda uchrashuv” o‘tkazish niyatida emasligini ma’lum qildi hamda ikki tomonlama sammitning kechiktirilishiga izoh berdi.
Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirda jurnalistlar savollariga javob bergan Tramp Putin bilan Budapeshtda rejalashtirilgan, ammo keyinga qoldirilgan uchrashuv haqida gapirdi.
“Men ma’nosiz uchrashuv o‘tkazmoqchi emasman, vaqtimni behuda sarflamoqchi emasman”, — dedi u uchrashuvning kechiktirilishi sababini izohlar ekan.
Shu bilan birga, prezident muzokaralar uchun imkoniyat hali ham mavjudligini ta’kidladi:
“Biz hali yakuniy qarorga kelganimiz yo‘q”, — dedi davlat rahbari.
Tramp uchrashuv bekor qilinganiga oid savollarga “men bu haqda hech nima demaganman” deb javob berdi.
“Men bunday bo‘lishini aytmaganman. Nima bo‘lishini hech qachon bilmaysiz. Rejalarimizni yaqin ikki kun ichida e’lon qilamiz”, — dedi Amerika prezidenti.
Shuningdek, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish imkoni hali ham mavjudligini qayd etdi.
O‘tgan hafta AQSh prezidenti Putin bilan Budapeshtda uchrashib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga barham berish yo‘llarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan edi.
Kecha Oq uy ma’lum qilishicha, Tramp va Putin o‘rtasidagi sammit yaqin vaqt ichida rejalashtirilmagan.
“Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov samarali uchrashuv o‘tkazdilar. Ular o‘rtasida navbatdagi yuzma-yuz muzokaralar zarur emas va prezident Tramp yaqin vaqt ichida prezident Putin bilan uchrashuvni rejalashtirmayapti”, — dedi AQSh ma’muriyati vakili “Anadolu” agentligiga.