Bugun 13 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

«Dok-1 Maks» voqeasi: Kompensasiya undirish bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda

«Dok-1 Maks»  voqeasi: Kompensasiya undirish bo‘yicha ijro harakatlari davom etmoqda

Qonun hujjatlariga ko‘ra, qarzdorlardan undirilgan mablag‘lar, tegishli tartibda undiruvchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

Joriy yilning 08 oktyabr kuni YouTube ijtimoiy tarmog‘i orqali fuqaro Jasur Kenjayev tomonidan “Ambronol” dori vositasidan vafot etgan farzandi uchun kompensasiya mablag‘i undirib berilmayotganligi haqida murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Byuroning markaziy apparati ish yurituviga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 26.02.2024 yildagi qarzdor R.Singh va boshqalardan 84 nafar jabrlanuvchilar foydasiga 75,4 mlrd. so‘m ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari kelib tushgan.

Ijro harakatlari davrida undirilgan mablag‘lar hisobidan hozirda fuqaro J.Kenjayev foydasiga 32,9 mln. so‘m pul mablag‘lari, uning plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.

Shuningdek, qarzdor S.Kariyevga tegishli Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Furqat ko‘chasidagi noturar joy va Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, “Shosh Iloq” MFY, Ehtirom ko‘chasidagi xonadon hamda qarzdorlar J.Erkiniy va N.Mirzaaxmedovalarning yashash uyidagi ehtiyojidan ortiqcha 8 turdagi mol-mulklar xatlanib, hozirda baholash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, undiruv "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 64-moddasiga asosan J.Erkiniy va N.Mirzaaxmedovalarning ish haqiga qaratilgan.

Qarzdor S.Kariyevga tegishli bo‘lgan Chilonzor tumani, Qatortol 3-tor ko‘chasida joylashgan turar joy binosi 7,1 mlrd so‘mga baholangan holda, auksion savdolariga chiqarilgan.

Shuningdek, S.Kariyevga tegishli Toshkent shahar Chilonzor tumani, “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasi, 165-uy, 12-xonadonda noturar joy binosi mustaqil baholovchi xulosasiga asosan 1,1 mlrd so‘mga baholangan holda, auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, S.Kariyevga tegishli "Damas” rusumli avtotransport vositasi qarzdor manzilidan topilmaganligi bois, qidiruv e’lon qilingan.

Kelgusida qarzdorlarga tegishli mol-mulklar sotuvidan tushgan pul mablag‘lari qonun hujjatlariga muvofiq, undiruvchilar o‘rtasida taqsimlanishi ma’lum qilinadi.

Majburiy ijro byurosi

Kiritildi: 20:50 09.10.2025. O'qildi: 700 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!