Ma’lumki, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro hujjatlariga ko‘ra, «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalarini iste’mol qilish oqibatida jabrlangan oilalarga Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensasiya to‘lovi undirilishi belgilangan edi.
Biroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatdan cho‘zilgani sababli bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ning 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard so‘mi to‘langan, xolos. Kompensasiyaning qolgan qismi esa bir necha yildan buyon to‘lanmay kelgan.
Shu bois Prezident tomonidan jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.
Shunga asosan davlat byudjetidan 65,2 milliard so‘m ajratildi. Shu tariqa bugungi kunga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard so‘m to‘landi. Jumladan, vafot etgan 72 nafar bolaning oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bolaning oilalariga esa 7,8 milliard so‘m kompensasiya berildi.
Bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgandan so‘ng yana 2 nafar bolaning oila a’zolariga qolgan 2 milliard so‘m ham to‘liq to‘lab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard so‘m aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablag‘lar hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.
Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi, tegishli davlat tashkilotlari va idoralari mas’ullari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalar holidan xabar olib, bolalarga qo‘shimcha zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda.