O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining korrupsiyaga qarshi barqarorligi har uch yilda bir marta diagnostika qilinadi. Yangi ishga qabul qilinganlar hamda korrupsiya xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan lavozimlarga tayinlanganlar ham testdan o‘tadi.
Sinovlar «AssessPro» elektron platformasi orqali o‘zbek, qoraqalpoq yoki rus tillarida o‘tkaziladi. Natijalar 600 ballik tizimda baholanib, xodimlar barqarorlik darajasiga ko‘ra to‘rt toifaga ajratiladi: yuqori, o‘rta, o‘rtadan past va past.
Test natijasiga qarab xodimga qaysi darajadagi korrupsiya xavfi mavjud lavozimlarda ishlash tavsiya etilishi belgilanadi. Qoidalarni buzganlarning natijasi bekor qilinib, ular diagnostikadan o‘tmagan hisoblanadi.
Tegishli nizom loyihasi muhokamasi 9 noyabr kuni yakunlangan.