O‘zbekistonda davlat raqam belgilarini olish jarayonidan inson omilini chiqarib tashlash va shaffoflikni ta’minlash maqsadida «AvtoRaqam» mobil ilovasi ishga tushirildi. Ushbu tizimning joriy etilishi natijasida endilikda har bir fuqaro hech qanday vositachilar yoki o‘rtakashlarsiz, mustaqil ravishda o‘ziga ma’qul kelgan raqam kombinasiyasini tanlashi va sotib olishi mumkin.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab birja auksionlari hamda «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish amaliyoti to‘xtatilgan edi. Yangi ilova jismoniy va yuridik shaxslarga, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham real vaqt rejimida bo‘sh raqamlarni kuzatish imkonini beradi.
Tizimning eng muhim jihati shundaki, foydalanuvchi ilova orqali raqamni band qiladi, to‘lovni amalga oshiradi va jarayonni shaxsiy kabinetida kuzatib boradi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, jarayonning to‘liq shaffof bo‘lishini ta’minlaydi.
Ilovani App Store va Play Market platformalaridan yuklab olish imkoniyati mavjud.