Endilikda bemor shifokor yo‘llanmasisiz o‘z tashabbusi bilan murojaat qilsa, tibbiy xizmatlar to‘lov asosida ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarida pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar shifokor yo‘llanmasisiz, o‘z tashabbusi bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan taqdirda, xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi.
Mazkur tartib davlat tibbiy sug‘urtasi paketi doirasida bepul taqdim etiladigan xizmatlarga taalluqli emas. Nizomga ko‘ra, sug‘urta paketi bilan qamrab olinmagan boshqa turdagi xizmatlar qo‘shimcha pullik xizmatlar sifatida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, bemorlar tibbiyot muassasasining qabul bo‘limida ro‘yxatdan o‘tgach, xizmatlar uchun to‘lovni oldindan to‘liq amalga oshirishi lozim. To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng bemor mutaxassis qabuliga, shuningdek, instrumental yoki laboratoriya tekshiruvlariga yo‘naltiriladi.
Tekshiruv natijalariga qarab, bemor mutaxassis huzuriga, ambulator yoki stasionar davolanishga yuborilishi mumkin.
Mazkur qaror tibbiyot tizimida shaffoflikni ta’minlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda muassasalar moliyaviy mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan.