So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yil 9 mart kuni Isroilning Yexud shahrida qurilish maydonida sodir bo‘lgan raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan shaxs haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan ma’lum qilamizki, halok bo‘lgan 62 yoshli Rustam Gulomov O‘zbekistonda tug‘ilib voyaga yetgan. U 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan bo‘lib, so‘nggi 14 yil davomida Isroilda yashab kelgan va mazkur davlat fuqaroligini olgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning Isroildagi Elchixonasi marhumning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
11 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida Elchixonaga xabar kelib tushmagan.
Ayni paytda Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotganini inobatga olgan holda, Elchixona ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan barcha vatandoshlarimizni o‘z hayoti va sog‘lig‘ini asrash maqsadida ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda bo‘lishga va xavfsizlik talab va qoidalariga qat’iy rioya qilishga yana bir bor chaqirib qoladi.