Daniya qurolli kuchlari Grenlandiya poytaxti Nuukdan 300 kilometr shimolda joylashgan Kangerlussuakdagi havo bazasini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda mudofaa bo‘yicha davom etayotgan siyosiy muzokaralar asosini tashkil etuvchi harbiy qo‘mondonlikning “Arktika va Shimoliy Atlantikada mudofaa vazifalarini bajarishni kuchaytirish” maxfiy hisobotiga tayanib, TV2 telekanali xabar berdi.
“Daniyaning rasmiy siyosati Arktikani taranglik sust bo‘lgan hudud sifatida saqlab qolish orqali harbiy mojarolarning oldini olish bo‘lsa-da, harbiy qo‘mondonlik kelgusida ancha faolroq hujumkorlikni tavsiya qiladi”, deb ta’kidlaydi TV2.
Hisobotga ko‘ra, boshqa masalalarni hisobga olgan holda aviabazani “dushman kuchlariga qarshi to‘xtatib turish va dushman davlatlarga qarshi kuch ishlatish funksiyalarini bajaradigan” “operativ harbiy baza”ga aylantirish rejalashtirilgan. “Baza, xususan, hujumlarni qaytarish va suverenitetni ta’minlash uchun vaqti-vaqti bilan tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ravishda Daniya qiruvchi samolyotlarining (F-35) Kangerlussuakda vaqti-vaqti bilan qo‘nishi va bo‘lishi, shuningdek, Daniya Qirolligining hududiy chegaralari doirasida kuchini namoyon etishga qodir bo‘lishi kerak”, deb iqtibos keltiradi telekanal 22 sahifalik hujjatdan.
Kangerlussuakdagi bazani qurish rejalari 1,1 milliard krondan (150 million dollar) ko‘proqqa tushishi kutilmoqda. Undan F-35 bilan bir qatorda, Shimoliy Atlantikani kuzatish uchun Olborg va Grenlandiya o‘rtasida uchadigan uzoq masofali uchuvchisiz uchoqlar uchun ham foydalanish ko‘zda tutilgan, deb xabar tass.ru.