"O‘zbekgidroenergo" AJ Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi VM-800-son qaroriga asosan Rossiyaning “MPR” moliya instituti mablag‘lari hisobiga Janubiy Farg‘ona kanalida “JFK-3 kichik GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning quvvati 6,9 MVt bo‘lib, yiliga 33 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Qurilish ishlari “tayyor holda topshirish” sharti asosida Rossiyaning “Energosila” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qurilish ishlari doirasida GES qurish ishlarini tashkil etish hamda vegetasiya davrida qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash maqsadida, Janubiy Farg‘ona kanalida suv to‘sish inshooti qurilib, suv sarfi vaqtincha aylanma kanal orqali quyi qismiga yo‘naltirilgan.
Aylanma kanalning loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati 60 m³ mo‘ljallangan bo‘lib, amalda suv sarfi miqdori 70 m³ kelganligi sababli, Janubiy Farg‘ona kanalining o‘ng qirg‘og‘ini yuvib ketish holati yuz bergan.
Hozirda, Janubiy Farg‘ona kanalida yuz bergan texnogen holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ta’mirlash-tikla shishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Buning uchun zarur bo‘lgan barcha texnika va ishchi kuchi resurslari jalb etilgan.
Mazkur chora-tadbirlar joriy yilning 9 may kuni soat 14:00 ga qadar to‘liq bartaraf etiladi, Janubiy Farg‘ona kanali odatiy ish rejimiga qaytariladi.
Bunda, aholi uy-joy va tomorqa xo‘jaliklariga yetkazilgan zararlar kompensasiya qilinishini ta’minlanadi.