Bugun 13 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Chexiya Ukrainaga dronlarga qarshi kurashish uchun 16 ta samolyot berish niyatida

Chexiya Ukrainaga dronlarga qarshi kurashish uchun 16 ta samolyot berish niyatida

Chexiya Ukrainaga dronlarni tutib qolishga mo‘ljallangan 16 ta L-39 Skyfox samolyotini topshirishi mumkin.

Bu haqda Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Karel Gavlichek Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qilgan.

«Ularning (Ukrainaga topshirilishi rejalashtirilayotgan samolyotlarning — tahr.) to‘rttasi avvalroq tasdiqlangan edi. Endi esa yana 12 ta samolyot haqida gapirishimiz mumkin. Bu hozircha bunday imkoniyat mavjudligining dastlabki tasdig‘idir», — dedi Gavlichek.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina va Chexiya avvalroq dronlarga qarshi kurashishda foydalanish rejalashtirilgan L-159 yengil zarba beruvchi samolyotlarini topshirish imkoniyatini muhokama qilgan edi. Xususan, Chexiya prezidenti Petr Pavel Kiyevga tashrifi chog‘ida bunday samolyotlarni berish imkoniyati haqida gapirgandi.

Biroq ANO, SPD va «Avtomobilistlar» partiyalaridan tashkil topgan hukumat koalisiyasi bu tashabbusni rad etdi. Bunga sabab sifatida ushbu samolyotlar Chexiya armiyasining o‘ziga zarurligi ko‘rsatildi. Yana bir muammo shunda ediki, L-159 samolyotlarini ishlab chiqarish to‘xtatilgan edi.

Ushbu samolyotlarni ishlab chiqaruvchi Chexiyaning Aero Vodochody kompaniyasi Ukrainaga eng yangi L-39 Skyfox o‘quv-jangovar samolyotlarini taklif qildi. Bu model Williams FJ44 zamonaviy dvigateli va yangi radioelektron uskunalar bilan jihozlanishi mumkin. Shu bois, ekspertlar bahosiga ko‘ra, u uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish uchun yanada mos keladi.

Kiritildi: 11:45 12.11.2026. O'qildi: 505 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik