Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan so‘ng alyans rahbarlari uchrashuvlarida asosiy e’tibor tinchlikka emas, urush va qayta qurollanish masalalariga qaratilganini bildirdi.
«Hamma urush haqida, hamma qayta qurollanish haqida gapiryapti. Ammo kecha men bir marta ham “tinchlik” degan so‘zni eshitmadim», — dedi Babish.
Uning aytishicha, Chexiya joriy yilda NATOning mudofaa xarajatlarini YAIMning 2 foiziga yetkazish maqsadiga erisha olmasligi mumkin. Bosh vazir buni yangi hukumat qabul qilib olgan katta byudjet taqchilligi bilan izohladi.
Babish, shuningdek, NATO rahbarlarining norasmiy kechki yig‘inida mudofaa xarajatlari deyarli muhokama qilinmaganini aytdi.
«Biz oziq-ovqat, futbol va boshqa mavzular haqida suhbatlashdik», — dedi u.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari AQSh prezidenti Donald Trampdan birinchi xonim Melaniya Trampning sammitda ishtirok etmagani haqida ham so‘rashgan. Tramp esa uzoq safar uning turmush o‘rtog‘i uchun charchatuvchi bo‘lishini aytgan.