Gazeta Stokgolmda yashovchi Sara Vikkermans misolida bu holatni yoritgan. Uning aytishicha, u yaqinda ishdagi uchrashuvni o‘zi sezmagan holda «Bu ertalabki uchrashuv emas, bu qayta yuklanish» degan ibora bilan boshlagan. Bunday qarama-qarshi qo‘yish uslubi chatbotlar tiliga xos bo‘lsa-da, Vikkermans nutqini sun’iy intellekt yordamida tayyorlamagan.
U hamkorlik qiladigan venchur kompaniya xodimlari ham muloqotda sun’iy intellektga xos qisqa iboralar va «geneal», «sen juda aqllisan» kabi ortiqcha maqtovlarni ishlata boshlaganini aytgan.
Bunday iboralar hatto norasmiy nomga ham ega bo‘lgan — «LLM-izmlar». LLM — «katta til modeli» degani bo‘lib, inson bilan muloqot qilishga o‘rgatilgan sun’iy intellekt modellariga nisbatan qo‘llanadi. Ayrimlar bu uslubni mashhur sun’iy intellekt modeli nomi bilan «Claude tili» deb ham atashmoqda.
Chatbotlar ommalashuvi natijasida yana bir qarama-qarshi tendensiya paydo bo‘lgan. Bu «g‘or odami nutqi» deb ataladigan, juda qisqa va aniq, ba’zan buyruq ohangidagi gapirish uslubi.
Masalan, ish uchrashuvida xodim o‘z fikrini batafsil tushuntirayotganda, uning gapini «Maqsad nima?» degan qisqa savol bilan bo‘lishlari mumkin. WSJ bunday uslub sun’iy intellektdan jahli chiqqan foydalanuvchilar unga beradigan qisqa buyruqlarga o‘xshashini qayd etgan.
Gazeta San-Fransiskodagi sun’iy intellekt startaplaridan birida xodimlarning «prompt tilida» gapirish holatlari ham hisobga olina boshlanganini yozadi. Bunday «nutq xususiyatlari» uchun xodimlarga ball beriladi. Hafta yakunida eng ko‘p ball to‘plagan xodim hamkasblariga kechki ovqat olib beradi.
Shu bilan birga, WSJ suhbatdoshlarining ayrimlari sun’iy intellekt aslida bunday til uslublarini biznes adabiyoti va yuridik hujjatlardan o‘zlashtirganini ta’kidlagan. Ularning fikricha, bu avvaldan mavjud bo‘lgan korporativ nutq bo‘lib, chatbotlar uni yanada ommalashtirib, kundalik muloqotga ham olib kirgan.