Bo‘zatov festivalining barcha hududiy bosqichlari yakunlanib, bugundan respublika bosqichi ilk marta Toshkent shahrida boshlandi.
Tanlovda har bir yo‘nalish va yosh toifasida respublika bosqichida 1-o‘ringa 50 mln so‘m, 2-o‘ringa 30 mln so‘m hamda 3-o‘ringa 20 mln so‘m pul mukofoti topshiriladi. Qolgan barcha respublika bosqichi ishtirokchilari esa 10 mln so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Yoshlar ovozi” – Bo‘zatov festivali tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgani eng chekka hududlardagi yashirin iste’dodlarni kashf etishga ham zamin yaratyapti.
Tanlovning yangi mavsumida yana 36 nafar iqtidor egalari aniqlanadi.
O‘tgan vaqt davomida tanlovning respublika bosqichi faxrli o‘rinlarni egallagan yoshlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “Shuhrat”, “Kelajak bunyodkori” (4 nafar), “Mard o‘g‘lon”, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotlari sovrindorlari, “Nihol” mukofoti va bir qator boshqa respublika hamda xalqaro tanlovlarda g‘oliblikka erishgan.
Ma’lumot uchun, 2019 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida Bo‘zatov tumani tashkil etilgan. 2020 yil esa Prezident Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan muloqot chog‘ida yosh iste’dod egalari mana shu go‘zal maskanga kelib, tumanning obro‘sini va dovrug‘ini butun dunyoga tanitish uchun “Yoshlar ovozi” – Bo‘zatov FEST tanlovini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi.
Davlat rahbarining tashabbusidan so‘ng, 2021 yildan boshlab Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar ushbu tanlovni o‘tkazishi an’anaga aylandi. Tanlov baxshchilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.