Buyuk Britaniyada ikki kishiga milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yildi
Buyuk Britaniyada o‘tgan oy Glostershir grafligidagi «Feyrford» aviabazasi yaqinida sodir bo‘lgan hodisa bilan bog‘liq holda ikki nafar erkakka milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yildi.
Sky News telekanali xabar berishicha, bu haqda Qirollik prokuraturasi bosh prokurori Frenk Fergyuson ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun 24 yoshli Muhammad Abdulkarim va 24 yoshli Numan Esgirga milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun asosida ayblovlar e’lon qilingan.
«Qirollik prokuraturasi RAF Fairford aviabazasi bilan bog‘liq keng jamoatchilik e’tiborini tortgan hodisa yuzasidan terrorizmga qarshi polisiya tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, ikki kishini milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblab, javobgarlikka tortishga qaror qildi. Biz ushbu murakkab tergov jarayonida hamkorlarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz», — dedi Fergyuson.