Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi urush davomida taxminan 500 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu haqda Britaniya Qurolli Kuchlari rahbari Rich Nayton ma’lum qildi.
Uning bahosiga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon Rossiya qo‘shinlarining halok bo‘lganlar va yaradorlarni o‘z ichiga olgan umumiy talafoti taxminan 1,5 million kishini tashkil etgan. Naytonning ta’kidlashicha, talafotlarning mutlaq ko‘pchiligi 2023 yil yanvaridan keyin sodir bo‘lgan.
Britaniya Qurolli Kuchlari rahbarining aytishicha, bunday katta talafotlar Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududining atigi taxminan 2 foizini egallashi evaziga yuz bergan.
«Menimcha, bu raqamlar bunday arzimas hududiy ilgarilash uchun inson hayotining qanchalik bema’ni va samarasiz sarflanayotganini yaqqol ko‘rsatadi», — dedi Nayton.
Taxminan 500 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqida gapirar ekan, u har bir raqam ortida endi otasi, o‘g‘li, akasi yoki erini ko‘ra olmaydigan oilalar turganini ta’kidladi.
Naytonning so‘zlariga ko‘ra, urush Rossiya iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazgan. U iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, iste’mol talabi pasayishi va yuqori inflyasiya saqlanib qolishiga olib kelgan.
«Rossiya iqtisodiyoti, shuningdek, uning aholisining farovonligi va kelajak istiqbollari uchun to‘lov juda katta», — dedi Britaniya Qurolli Kuchlari rahbari.
Shu bilan birga, manba keltirgan G‘arb rasmiylari Rossiya qo‘shinlarining katta talafotlari yoki iqtisodiy bosimning kuchayishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha maqsadlarini o‘zgartirganiga hech qanday belgi ko‘rmayotganini bildirishgan.