Bugun 27 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Braziliyalik fermer mamlakat prezidentining g‘alabasi tufayli Porsche avtomobilini yutib oldi

Braziliyalik fermer mamlakat prezidentining g‘alabasi tufayli Porsche avtomobilini yutib oldi

Braziliyalik fermer tanish tadbirkor bilan tuzgan garovida g‘alaba qozonib, yangi qizil rangli Porsche avtomobiliga ega bo‘ldi. Bu uning Luis Inasiu Lula da Silvaning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi tufayli yutib olgan ikkinchi avtomobilidir.

Bu haqda Braziliyaning UOL axborot portali yozmoqda.

Avtomobil Braziliyaning shimoli-sharqida joylashgan Alagoas shtatida yashovchi 48 yoshli fermer Antoniu Sintraga nasib etdi. U mashinani saylovdan keyingi dushanba kuni, ya’ni ovoz berish yakunlanganidan bir kun o‘tib, Arapiraka shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birida qabul qilib oldi.

«Kamchiliklari yo‘qmi?» — deb so‘radi u garovda yutqazgan tadbirkordan.

«Yo‘q. Mashina yangi», — deb javob berdi u.

Fermer ushbu quvonchli voqeani telefoniga tasvirga oldi. Bu paytda Lula da Silvaning saylovdagi g‘alabasidan xursand bo‘lgan olomon «Ole, ola, Lula!» deya hayqirardi.

Sintraning aytishicha, u tanishi bilan garovni sentyabr oyining oxirida umumiy do‘stlarining idorasida tuzgan. Fermer prezidentlik saylovlarida senator Flaviu Bolsonaru g‘alaba qozongan taqdirda raqibiga 1,5 million Braziliya reali berishga va’da bergan. O‘z navbatida, tanishi Lula da Silva to‘rtinchi muddatga qayta saylansa, unga Porsche avtomobilini berish majburiyatini olgan.

«Men doimo Lulani qo‘llab-quvvatlab ovoz berganman, garovdagi ikkinchi ishtirokchi esa Bolsonaroning ashaddiy tarafdori», — dedi Sintra yutqazgan shaxsning ismini oshkor qilmasdan. Ma’lum bo‘lishicha, u tadbirkor bo‘lib, tamaki yetishtirish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Fermerning tushuntirishicha, siyosiy raqobatga qiziqqan har ikki ishtirokchi garovga qo‘yilgan narsalarni garov tuzilgan idora egasi bo‘lgan umumiy do‘stlariga saqlash uchun topshirgan.

Sintra, shuningdek, 2022 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida ham Bolsonaroni qo‘llab-quvvatlovchi tanishi bilan garov bog‘laganini va 500 ming reallik Ford Ram rusumli yo‘ltanlamasni yutib olganini aytdi.

Fermer modeli va ishlab chiqarilgan yilini oshkor qilishni istamagan yangi Porsche avtomobiliga Lula rahbarlik qiladigan Mehnatchilar partiyasining ramzi — yulduzni o‘rnatmoqchi.

O‘tgan yakshanba kuni Braziliyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi davlat rahbari Luis Inasiu Lula da Silva g‘alaba qozondi. U mamlakat tarixida prezidentlik lavozimiga to‘rtinchi marta saylangan birinchi rahbar bo‘ldi.

Kiritildi: Bugun 16:30. O'qildi: 251 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!