Madridning «Real» klubi Ispaniya chempionatining 12-turida muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, La Liga turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga oldi.
«Qirollik klubi» «Mestalya» stadionida «Valensiya» mehmoni bo‘lib, raqibini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Madridliklar birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikki to‘plik ustunlikka erishdi. 28-daqiqada Federiko Valverde hisobni ochgan bo‘lsa, 36-daqiqada Arda Gyuler mezbonlar darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol qildi.
75-daqiqada Kilian Mbappe ham o‘z nomini tabloga yozdirib, g‘alabani mustahkamladi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, «Valensiya» sardori Xose Luis Gayya qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.
Mazkur natijadan keyin «Real» 30 ochko bilan chempionatda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Valensiya» esa 9 ochko bilan 19-pog‘onada qolmoqda.
Keyingi turda madridliklar 21 noyabr kuni «Selta»ni qabul qiladi. «Valensiya» esa shu sanada «Rayo Valyekano» mehmoni bo‘ladi.
La Liga. 12-tur
«Valensiya» — «Real» — 0:3
Gollar: Federiko Valverde (28), Arda Gyuler (36), Kilian Mbappe (75).
Qizil kartochka: Xose Luis Gayya (79, «Valensiya»).