Toshkentda sinov tariqasida chiqindi qarzlari uchun elektr to‘lovlarini cheklash amaliyoti ishga tushdi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ qoshidagi Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori o‘rinbosari Diyorbek Nishonov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur amaliyot 2025 yilning noyabridan poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, dekabr oyidan mamlakatning boshqa hududlarida joriy etiladi.
«Birinchi bosqichda bizning «2100» qisqa raqami orqali chiqindidan qarzi bor iste’molchilarga ogohlantirish SMS xabarnomalari yuboriladi. Agar 5 kun muddat ichida qarzdorlik bartaraf qilinmasa, oltinchi kundan boshlab elektr energiyaga to‘lov qilish cheklanadi, ya’ni iste’molchining «svet»dan puli tugaganidan keyin to‘lovni amalga oshira olmaydi», — deydi u.
Diyorbek Nishonovning qayd etishicha, Toshkent shahrida 3 noyabrdan boshlab bunday SMS xabarlar yuborilmoqda. Dastlab 20 mingga yaqin qarzdorga ogohlantirish xabarnomasi jo‘natildi. «Noyabr oyidagi natijalar va tahlillarni dekabrda ommaga e’lon qilamiz», — deydi HET vakili.