Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabi izchil faoliyat yuritmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov o‘tkazgan Respublika shtabining kengaytirilgan yig‘ilishida esa Energetika va Ichki ishlar vazirliklari, Departament, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot” jamiyatlari va ularning hududiy tuzilma rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari hamda prokurorlarga bu borada qilinishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha tushuntirish berildi.
Shundan keyin SH.Aminov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar hamda Sergeli va Yangihayot tumani shtablari faoliyati o‘rganildi.
Yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish hamda energoresurslarni iqtisod qilish, quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli tanqidiy muhokama qilinib, shtab a’zolariga rahbariy ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalarini aniqlash, reaktiv batareya o‘rnatish bo‘yicha ulgurji iste’molchiga yozma ko‘rsatma berish, ikki bosqichliga o‘tkazish, nostandart gaz yondirgichlarni almashtirish bo‘yicha oyma - oy grafik ishlab chiqish, yirik iste’molchilarda energoaudit o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berilib, ijrosi ishchi guruh tomonidan alohida nazoratga olindi.
Shu bilan birga, prokuratura organlari tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan tadbirlar ham davom ettirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “S.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslari va boshqalar jamiyatga qarashli konteynerga 40 dona mayning qurilmalarini o‘rnatib, qonunga zid ravishda mayning faoliyati bilan shug‘ullanib kelishi oqibatida 2,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “B.B.B” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.S. jamiyatga qarashli binoda tashkil qilingan ohak sexiga o‘rnatilgan elektron hisoblagichning tamg‘asini buzib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 5,3 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.