Mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan ushbu hududda ishlayotgan paytda sog‘lig‘ida og‘ir muammo (insult) yuzaga kelgan hamyurtimiz L.P. vatanimizga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vatandoshimizning murojaati va mavjud holati inobatga olinib, Bosh konsulxona tomonidan unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi hamda Olmaota–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilinishida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Qozog‘istonning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi va migrasiya organlari bilan hamkorlikda yurtdoshimizning mamlakat hududidan belgilangan tartibda qonuniy chiqib ketishi ta’minlandi.
Mazkur masalani hal etish jarayonida O‘zbekiston fuqarosini yashash joyi bilan ta’minlash, kiyim-kechak va oziq-ovqat yetkazib berish, hujjatlarini rasmiylashtirish hamda boshqa ijtimoiy-maishiy masalalarda beg‘araz va har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatgan Qozog‘iston fuqarosiga Bosh konsulxona nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Bosh konsulxona tomonidan xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga tezkor konsullik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.