Bugun 7 avgust, 2026 yil, juma

КИР

Tramp Pentagon rahbaridan tushuntirish talab qildi

Tramp Pentagon rahbaridan tushuntirish talab qildi

Bunga Eron bilan urush ortidan AQSh Qurolli kuchlarida raketalar yetishmovchiligi yuzaga kelgani sabab bo‘lgan, deb yozmoqda The Washington Post.

AQSh prezidenti Donald Trampning e’tirozi o‘tgan hafta o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirilgan. U o‘q-dorilar taqchilligi muammosi allaqachon bartaraf etilgan deb o‘ylaganini aytgan. Pentagon rahbari Pit Hegset prezident qarshisida o‘zini oqlashga urinib, yetarli ma’lumot berilmagani uchun aybni o‘rinbosari Stiven Faynbergga yuklagan.

Qayd etilishicha, aynan qurol-yarog‘ tanqisligi Trampning so‘nggi kunlarda Eronga qarshi yangi zarbalar berishdan voz kechishiga sabab bo‘lgan.

Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt bu ma’lumotlarga munosabat bildirib, uchrashuvda bunday holat yuz bermaganini aytdi. Pentagon ham Tramp va Hegset o‘rtasidagi janjal haqidagi xabarlarni uydirma deb atadi.

Shunga qaramay, AQSh Urush vazirligi o‘tgan hafta oxirida Kongressdan Eron bilan urush xarajatlarini qoplash hamda qurol-yarog‘ zaxiralarini tiklash uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar so‘radi. CNN va Strategik hamda xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu zaxiralarning bir qismi keskin darajada kamayib ketgan.

CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh 27 fevraldan 27 iyulgacha bo‘lgan davrda Eron bilan urush chog‘ida 1,5 mingdan 1,6 minggacha Patriot raketasi va 200 ga yaqin THAAD tutib oluvchi raketalarini sarflagan. Natijada Patriot zaxiralari 2,3 mingdan taxminan 760–830 donagacha, THAAD arsenali esa 452 tadan 234–278 donagacha qisqargan va bu havo hujumidan mudofaa vositalarining sezilarli taqchilligiga olib kelgan. Bundan tashqari, manbalarning xabar berishicha, AQSh ATACMS va PrSM raketalarining “deyarli barchasini” ishlatib bo‘lgan.

Kiritildi: 13:42 06.08.2026. O'qildi: 1147 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!