Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan Byuroning hududiy bo‘limlari ish yurituvidagi soliq qarzdorliklarini undirish haqidagi ijro ishlar bo‘yicha qarzdorlarning nomlarida 17 ta BYD rusumli avtomashinalar borligi aniqlangan.
Shu sababli, boshqarma tomonidan Byuroning hududiy bo‘limlariga qarzdorlarning nomlarida aniqlangan ushbu avtotransport vositalarini zudlik bilan xatlash va realizasiya qilish kerakligi to‘g‘risida topshiriq berilgan.
Shunga ko‘ra, ushbu avtomashinalar tegishli tartibda xatlovga olinib, maxsus avtoturargohlarga joylashtirilgan.
Masalan, Byuroning Xo‘jayli tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, Xo‘jayli tuman Davlat soliq inspeksiyasi qarorlariga asosan, qarzdor “M.J.A” fermer xo‘jaligidan 69,2 mln. so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan.
Berilgan topshiriqqa asosan, qarzdorga tegishli “BYD” rusumli avtotransport vositalari tegishli tartibda xatlovga olingan.
Qarzdorlarga yuzaga kelgan soliq qarzi bartaraf etilmasa, xatlangan mulklar auksion savdosiga chiqarilishi haqida ogohlantirishlar berilgan.
Shu kabi qarzdorlar va ularning mol-mulki hisobidan undirilgan pul mablag‘lari davlat byudjetiga yo‘naltiriladigan bo‘lib, bu esa o‘z navbatida ijtimoiy sohaning barqarorligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Bu boradagi tadbirlar davom etmoqda.