Shtutgart aeroporti bomba portlashi tahdidi sabab taxminan bir yarim soat davomida parvozlarni to‘xtatib turdi. Bu haqda Tagesspiegel Germaniya federal polisiyasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 24 yoshli erkak tekshiruvdan o‘tganidan so‘ng aeroport xodimasiga uning yukida bomba borligini aytgan.
Shundan keyin polisiya terminallarning nazorat qilinadigan hududidagi yo‘lovchilarni evakuasiya qildi. Soat 16:30 dan 18:00 gacha aeroportga samolyotlarning qo‘nishi va parvoz qilishi vaqtincha to‘xtatildi.
Hudud tekshirib chiqilganidan so‘ng haqiqiy xavf mavjud emasligi aniqlandi. Erkak Misrning Xurgada shahriga uchishi kerak bo‘lgan reysdan olib qolindi.
Unga nisbatan jinoyat sodir etish bilan tahdid qilish orqali jamoat tartibini buzganlik gumoni bo‘yicha tergov boshlandi. Keyinchalik u qo‘yib yuborildi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik choralari qariyb 3 ming nafar yo‘lovchi va 30 ga yaqin reysga ta’sir ko‘rsatgan.