So‘nggi yillarda internet va axborot texnologiyalari orqali xarid hamda to‘lovlarning onlayn amalga oshirilishi insonlar uchun katta qulaylik yaratib, tobora qimmatli va qiymatli bo‘lib borayotgan vaqtni tejamoqda.
Biroq ayrim shaxslar ushbu imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, ayniqsa Yangi yil va boshqa bayramlar arafasida turli sovg‘alar yoki katta chegirmalarni bahona qilib, hatto davlat tashkilotlari nomidan chiqish qilish orqali fuqarolarni firibgarlik yo‘li bilan aldamoqda.
Xususan, viloyat IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri davomida Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilib, guruh a’zolari qo‘lga olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, «Telegram» va «Instagram» tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan «Musodara tovarlar» va «Optom sklad» nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, guruhlarda «Bojxona qo‘mitasi admini», «Ishonch siz bilan» kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.
Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan.
Natijada jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflan yuborgani aniqlangan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» va «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.