Eronning yangi oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy saylanganidan beri birinchi marta xalqqa murojaat qildi. Oyatullaning bayonoti milliy televideniyeda namoyish etildi va mahalliy onlayn ommaviy axborot vositalari ham matnni tarqatdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Eron tashqi tajovuzga taslim bo‘lmaydi. Mojtaba Xomanaiy qurolli kuchlarni mintaqadagi Amerika bazalariga hujumlarni davom ettirishga va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlab qolishga chaqirdi.
«Jangchi birodarlar! Xalq bizdan o‘z pozisiyamizni ushlab turishimizni talab qilmoqda! Biz Hormuz bo‘g‘ozidan bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishda davom etishimiz kerak», deyiladi bayonotda. Xomanaiy Eron allaqachon vaziyatga qarab amalga oshiriladigan qo‘shimcha choralar ro‘yxatini ishlab chiqqanini qo‘shimcha qildi.
U shuningdek, Eron xalqini birlashishga chaqirdi va qurolli kuchlarga «dushmanning yo‘lini qasoskor zarbalar bilan to‘sib qo‘ygani va vatanni egallash va bo‘lib tashlash illyuziyalarini yo‘q qilgani» uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bundan tashqari, oliy rahbar rafiqasining vafot etganini e’lon qildi. U shuningdek, singlisi, uning eri va farzandining o‘limini tasdiqladi. Oyatullohning qarindoshlari, ehtimol, AQSH-Isroil operasiyasining birinchi kuni, 28 fevral kuni sobiq Eron yetakchisi Ali Xomenei bilan birga uning uyiga qilingan havo hujumi paytida halok bo‘lgan.
Ekspertlar kengashi tomonidan saylanganidan beri Xomanaiy jamoatchilik oldida ko‘rinmadi va bugungi kungacha hech qanday bayonot bermadi. OAV xabar berishicha, yangi Eron yetakchisi yaralangan. 12 mart kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Mojtaba Xomanaiy yaqinda sodir bo‘lgan hujumlarda yaralanganini tasdiqladi. Uning o‘zini yaxshi his qilayotgani va xavfsiz ekanligi aytilmoqda.