Associated Press nashrining xabar berishicha, 8 dekabr kuni Isroil polisiyasi Sharqiy Quddusda joylashgan BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligiga (UNRWA) tegishli bo‘sh turgan binoga kuch bilan bostirib kirgan. Shahar hokimiyati vakillari polisiya bilan birga kelgan.
"Majmuaga polisiya motosikllari va yuk mashinalari olib kirildi. Barcha aloqa vositalari uzib qo‘yildi. Mebel, IT uskunalar va boshqa mol-mulklar musodara qilindi. Bino tepasidagi BMT bayrog‘i tushirilib, uning o‘rniga Isroil bayrog‘i ildirildi. Mazkur harakat Isroilning BMTga a’zo davlat sifatida tashkilot binolari daxlsizligini himoya qilish va hurmat qilish majburiyatlariga ochiqdan ochiq bepisandlik ekanini anglatadi", deyiladi UNRWA bayonotida.
UNRWA bosh komissari Flippi Lazzaranining so‘zlariga ko‘ra, Isroil qonunchiligi tufayli joriy yil boshida agentlik xodimlari bu binoni tark etishga majbur bo‘lgan. Lekin mazkur majmua BMT ob’ekti maqomini saqlab qoladi va har qanday aralashuvdan xoli hisoblanadi.
"Isroil BMTning imtiyozlari va daxlsizligi to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo hisoblanadi. Mazkur Konvensiyaga ko‘ra, BMT binolari daxlsiz, ya’ni tintuv yoki musodara o‘tkazishdan xoli, BMTga tegishli mol-mulk va aktivlar esa har qanday huquqiy jarayonlardan himoyalangan. Hech qanday istisno bo‘lishi mumkin emas", — dedi Lazzarini.
Quddus shahar hokimiyati bu “ko‘p marotaba ogohlantirishlardan keyin amalga oshirilgan odatiy qarz undirish tadbiri” bo‘lganini bildirdi.
"UNRWA'ning uzoq vaqt davomida to‘lanmagan qariyb 3,4 million dollar miqdoridagi mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligi bor. UNRWA faoliyati Isroilda taqiqlangach, uning majmuasi ham soliqlardan ozod etilish maqomini yo‘qotgan", — dedi shahar ma’muriyati vakili.