Ayni paytda G‘azo aholisining uchdan ikki qismi — taxminan 1,4 million kishi — oziq-ovqatning jiddiy tanqisligiga duch kelmoqda.
Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lum qilishicha, har oylik yordam oluvchilar soni 1,6 milliondan 1,1 million kishigacha kamaytiriladi. Shuningdek, oziq-ovqat to‘plamlari miqdori ikki barobar qisqartirildi, 75 ming oilaga beriladigan pul yordami bekor qilindi.
Kunlik issiq ovqat tarqatish hajmi ham 250 ming porsiyadan 150 ming porsiyagacha kamaytirildi. Bu falastinliklar Isroilning G‘azodagi vayronkor urushi sharoitida to‘rtinchi qishni qarshi olayotgan bir paytda yuz bermoqda.
BMT agentligi G‘azo sektori va Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy sohilda hayotiy muhim yordam operasiyalarini davom ettirish uchun kelgusi olti oyda zudlik bilan 450 million dollar mablag‘ zarurligini bildirdi.