Reuters xabariga ko‘ra, bir haftadan beri Yevropada samolyotlar minalashtirilgani haqidagi yolg‘on ogohlantirishlar to‘lqini kuzatilmoqda. Kecha 30 ga yaqin samolyot shunday xabar oldi. 3 noyabr kuni bombalar o‘rnatilgani haqidagi xabar sababli yettita bortni tekshirishga to‘g‘ri kelgan. Bir hafta ichida 50 dan ortiq reysda portlovchi moddalar borligi haqida xabar kelib tushdi.
6 noyabr kuni Yevropada yana yo‘lovchi samolyotlari portlashi xavfi haqidagi ogohlantirishlarga duch keldi. Novinky nashrining aniqlik kiritishicha, gap kamida to‘qqizta samolyot haqida ketmoqda: ulardan beshtasi Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Ruminiya, Italiya va Kiprga uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan, yana to‘rttasi esa Daniya, Ispaniya va Buyuk Britaniyadan yetib kelgan.
The Guardian gazetasining qayd etishicha, umumiy hisobda 6 noyabr kuni kamida 17 ta fuqarolik samolyoti portlash xavfi haqida xabar olgan. Bolgariya, Ruminiya, Vengriya, Daniya va Portugaliya hukumatlari ham maxsus choralar ko‘rishga majbur bo‘lishgan.
Ispaniya TIV rahbari Xose Manuyel Albares sodir bo‘layotgan voqealarni “gibrid agressiya” deb atadi.
"Butun Yevropa bo‘ylab shunchalik ko‘p miqdorda deyarli mutlaqo bir xil hodisalar sodir bo‘layotgani shunchaki tasodif bo‘lishi mumkin emas. Eng mantiqiy taxmin shundan iboratki, biz gibrid agressiya va psixologik urush shakllaridan biriga duch keldik", — dedi Albares.
Evropalik rasmiylar 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Moskvani diversiya va gibrid hujumlarda ayblab keladi. Rossiya esa bunday ayblovlarni rad etib kelmoqda. Shu haftada noma’lum hakerlar Yevropa davlatlaridagi supermarketlarning muzlatkichlarini ikkinchi marta o‘chirib qo‘ygandi.