- Marhumning qabri oldiga borib ziyorat qilish durust. Ibratlanmoq uchun qabristonga borib o‘tirish g‘oyatda ma’noli mustahablardan hisoblanadi.
Bir ayolning rasmi bo‘rtma qilib chizilgan qabr toshi yonida o‘tirib, “meni kimga ishondingiz, nima uchun bizni tashlab ketdingiz, endi kimni ota deymiz” deb qabristonda bor ovozi bilan yig‘laganini ko‘rib xayratda qoldim. Avvalo qabr toshiga rasmni bo‘rtma qilib solish nasroniylar ishi, ovoz chiqarib yig‘lash esa uyat. Ayolni razm solib kuzatsam ko‘m-ko‘k kiyimda qo‘lidagi bug‘doy solingan kosani to‘nkarib sham yoqdi, beixtiyor bu nima deb qiziqib so‘radim, “otajonimning bugun qirq marosimlarini oxiriga yetkazdim” – deb javob berdi. Yana atrofdagi boshqa qabrlarning boshiga choynak piyola qo‘yishgan, qurib qolgan gullar xashakka aylangan…
Azizlar! Agar biz qabr ustini to‘ldirib chiroq yoqsak ham u chiroq qabr ichini yorita olmaydi, lekin biz birgina oyat bilan qabrga nur berishimiz mumkin. Qo‘llarimizni duoga ochib o‘tganlarni duo qilaylik. Ziyorat odoblariga rioya qilaylik!
Bu dunyo hech kimga abadiy emas
Omonatmiz azizlar bir-birimizga
Orqadan o‘kirib yig‘lash durustmas
Gunohlar ko‘p, tavba qiling Allohga!
O‘rtachirchiq tuman bosh imom-xatib
yordamchisi To‘rayeva Muslima