Kursk viloyatining Suja shahridan Ukraina Qurolli Kuchlarini (UQK) siqib chiqarish uchun gaz quvuri bo‘ylab sudralib o‘tgan "Axmat" maxsus kuchlari tarkibidagi "Aida" guruhining aksariyat askarlari o‘pka bilan bog‘liq muammolar tufayli hozirda kasalxonalarda davolanmoqda. Bu haqda Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlari Bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va "Axmat" maxsus kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Apti Alaudinov TASS agentligiga xabar berdi.
"Ko‘pchilik hali ham davolanishda, chunki bu quvurda o‘tkazilgan vaqt ularning ichki a’zolariga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘pka va nafas olish yo‘llari jiddiy shikastlandi," - dedi u agentlikka va "ba’zi harbiylar safga qaytganini" qo‘shimcha qildi.
"Oqim" nomi berilgan operasiya mart oyida amalga oshirildi. Rossiyalik harbiylar ishlatilmayotgan gaz quvuri orqali 15 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tib, Ukraina Qurolli Kuchlarini chiqarib tashlash uchun Suja shahriga kirib bordi.
RTVI’ning "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasining sobiq qo‘mondoniga tayanib xabar berishicha, operasiyada 800 ga yaqin kishi ishtirok etgan. Biroq, Ukrainaning Dnipro OSINT loyihasi guruh sonini ancha kamroq - 100 nafar maxsus kuchlar askari deb baholadi. Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning ta’kidlashicha esa, operasiyaga 600 dan ortiq harbiy xizmatchi jalb qilingan.