Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish davriga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
2025 yil 28 apreldan 6 mayga qadar Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri bo‘limi xodimlari tomonidan Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hududida joylashgan Nurota tog‘ tizmasining shimoli-g‘arbiy qismida dala tadqiqot-qidiruv ishlari olib borildi.
Tadqiqotlar jarayonida tarixiy ahamiyatga ega qator arxeologik manzillar aniqlanishiga erishildi:
O‘gat qishlog‘ining g‘arbiy qismida so‘nggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etildi. Izlanishlarning dastlabki tahlillari bu hududda ming yillar avval insonlar doimiy yoki mavsumiy istiqomat qilganini ko‘rsatmoqda.
Qaropchi qishlog‘ining shimoliy etaklarida esa neolit davriga mansub ikkita yangi makon aniqlandi. Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka o‘tish davriga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Yonboshtut qishlog‘i shimolida joylashgan «Beshbuloq» nomli makon ham neolit davriga tegishli bo‘lib, bu yerda qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir izlar topilgan.
Mazkur arxeologik topilmalar O‘zbekiston hududida eng ibtidoiy odamlarning yashash tarixini o‘rganishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Kelgusida topilmalarning ilmiy tahlillari asosida kataloglar, maqolalar va ko‘rgazmalar tayyorlanishi rejalashtirilgan.