Trampga Ukrainada tinchlik emas, balki Nobel mukofoti kerak, deb hisoblaydi uning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton.
Boltonning El Pais gazetasiga bildirgan fikricha, AQSh prezidenti oxir-oqibat Ukraina bo‘yicha tinchlik tashabbuslaridan voz kechadi va tezda natija olish mumkin bo‘lgan sayyoradagi boshqa mojaro o‘chog‘iga e’tiborini qaratadi.
"Tramp istaydigan yagona narsa - tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti. U buni Barak Obamaga berilganidan beri xohlaydi - uningcha, bu adolatsizlik edi. Unga mukofotni Ukraina uchun berishadimi, Yaqin Sharq uchunmi yoki Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vositachilik uchunmi - buning ahamiyati yo‘q," - dedi Bolton.
U, shuningdek, hozir Tramp siyosiy oqibatlar haqida o‘ylamasligini, chunki uchinchi muddatga saylanishni rejalashtirmayotganini ta’kidladi. U faqat "o‘z obro‘si va kelajakda u haqda nima deyishlari to‘g‘risida" qayg‘uradi.