BBC: Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiya uglevodorodlar eksportidan Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan berilgan yordamdan uch baravar ko‘proq daromad olgan.
Rossiya neft va gaz savdosidan 883 milliard yevrodan ortiq daromad ko‘rgan. Buning 228 milliard yevrolik qismi Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan davlatlardan, xususan, 209 milliard yevro Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan olingan.
Ukraina esa bu davrda ittifoqchilaridan umumiy hisobda 309 milliard yevro yordam olgan, shundan 73 milliard yevrosi Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, Yevroittifoq Xitoydan (252 milliard yevro) keyin Rossiya uglevodorodlarining ikkinchi yirik xaridoriga aylangan. Rossiyadan olingan neftning bir qismi Turkiya va Hindiston kabi uchinchi mamlakatlarda qayta ishlanib, G‘arb mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Evropa Ittifoqi davlatlari yanvar oyigacha Rossiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri quvurlar orqali gaz import qilgan, biroq Ukraina tranzitni to‘xtatgach, bu yo‘l yopildi. Shunga qaramay, Rossiya gazi Turkiya orqali Yevropaga yetkazilmoqda va uning hajmi joriy yilda 26,77 foizga oshdi.
Vengriya va Slovakiya ham Rossiyadan quvurlar orqali xom neft xarid qilishda davom etmoqda.
G‘arbning bosimlariga qaramay, 2024 yilda Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘ilardan olgan daromadi 2023 yilga nisbatan atigi 5 foizga kamaygan, eksport hajmi esa 6 foizga qisqargan. Shu bilan birga, quvur orqali gaz eksportidan tushgan daromad yil davomida 9 foizga oshgan. Bu tendensiya 2025 yilda ham saqlanib qolmoqda.